Ruslan Nurudinov

Tajribali og‘ir atletikachimiz Ruslan Nurudinov Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida o‘tgan XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlarida oltin medalni qo‘lga kiritish bilan birga Olimpiada rekordini yangilab, O‘zbekiston yoshlari nimalarga qodir ekanini butun dunyoga yana bir karra namoyon qildi.

Vatan sha’nini ulug‘lash – inson qalbidagi orzu-maqsadlarning eng ulug‘i. Sportchilarimizning Rio Olimpiadasida erishayotgan olamshumul yutuqlarini xalqimiz katta hayajon va shodlik bilan kutib olmoqda. Bugun mamlakatimizning barcha hududlarida, odamlar kayfiyatida bayram shukuhi, g‘alaba sururi, faxr-iftixor tuyg‘ulari jo‘sh urmoqda.

Hasanboy Do‘stmatov, Diyorbek O‘rozboyev, Rishod Sobirov, Rustam To‘laganov va Elmurod Tasmurodovning g‘alabasi shukuhi qalblarimizda jo‘sh urib turgan bir paytda xalqimiz yana bir quvonchli voqea – og‘ir atletikachi Ruslan Nurudinov Olimpiada shohsupasining eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarilganiga guvoh bo‘ldi.

Nufuzli musobaqaning og‘ir atletika bo‘yicha vazni 105 kilogrammgacha bo‘lgan sportchilar o‘rtasidagi bellashuvlarida ishtirok etgan og‘ir atletika bo‘yicha jahon va Osiyo chempioni, Butunjahon Universiadasi g‘olibi Ruslan Nurudinov O‘zbekiston sport delegatsiyasi hisobiga yana bir oltin medalni keltirdi.

Chempionlikka asosiy da’vogarlardan hisoblangan va o‘z vazn toifasida dunyo atletlari o‘rtasida yetakchilik qilayotgan Ruslan Nurudinov shtangani dast ko‘tarishda 194, siltab ko‘tarishda 237, ikkikurash natijasiga ko‘ra 431 kilogramm natijani qayd etib, Olimpiya o‘yinlari g‘olibi bo‘ldi. Uning siltab ko‘tarishda ko‘rsatgan natijasi Olimpiadaning yangi rekordi sifatida e’tirof etildi.

G‘olib sportchimiz sharafiga Vatanimiz bayrog‘i ko‘tarilib, davlatimiz madhiyasi yangradi.

Ruslan mamlakatimiz mustaqillikka erishgan 1991-yilda Andijon viloyatining Xonobod shahrida tug‘ilgan. Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida sportni rivojlantirish, o‘sib kelayotgan yosh avlodni har tomonlama barkamol insonlar etib voyaga yetkazish, ularning iqtidor va salohiyatini yuzaga chiqarish, xalqaro sport arenalarida Vatanimiz sharafini munosib himoya qilishga qodir sportchi qilib tarbiyalashga qaratilayotgan doimiy e’tibor va g‘amxo‘rlik minglab yoshlar singari Ruslanning ham ezgu orzularini ro‘yobga chiqardi.

U xalqaro maydondagi ilk g‘alabasiga 2009-yili Birlashgan Arab Amirliklarida o‘tgan o‘smirlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida erishdi. 2011-yili Fransiyadagi jahon chempionatida kumush, 2012-yili Janubiy Koreyada o‘tgan Osiyo chempionatida oltin medalni qo‘lga kiritdi. London Olimpiadasida kuchli to‘rtlikdan joy oldi. 2013-yili Osiyo chempionatida uchta oltin medalga sazovor bo‘ldi, Butunjahon Universiadasida ikki marotaba rekord o‘rnatib, chempionlikka erishdi. Polshada o‘tgan jahon chempionatida shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi. Davlatimiz rahbarining farmoniga muvofiq “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sportchi” va “O‘zbekiston iftixori” faxriy unvonlari bilan taqdirlangan.

Uning sportchilik faoliyatida erishgan ulkan natijalari Olimpiya o‘yinlaridagi oltin medali tasodif emasligini yana bir karra isbotlaydi.

– Qalbimda kechayotgan his-tuyg‘ularni so‘z bilan ta’riflab berolmayman. Mening g‘alabam – barcha yurtdoshlarimizning g‘alabasidir, – deydi Ruslan Nurudinov. – Meni har tomonlama qo‘llab-quvvatlagan Prezidentimizga, xalqimizga, yaqinlarim va ustozlarimga samimiy minnatdorligimni izhor etaman.

– Bugun Ruslan Nurudinov qayd etgan natijani haqiqiy mo‘jizaga qiyoslash mumkin, – deydi Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi prezidenti Tomash Ayan. – Bu O‘zbekistonda sport qay darajada taraqqiy etib borayotganining yorqin isbotidir. Rio o‘yinlarida O‘zbekiston sportchilari qayd etyotgan natijalar tahsinga sazovor. Olimpiya o‘yinlarida bunday natijalarga o‘z-o‘zidan erishib bo‘lmaydi. Men O‘zbekistonda bir necha marotaba bo‘lganman. Prezident Islom Karimov tomonidan mamlakatingizda sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish yo‘lida amalga oshirilayotgan ulkan islohotlarni alohida ta’kidlamoqchiman. Buning samarasi bugun Olimpiya o‘yinlarida yaqqol namoyon bo‘lmoqda.

Saytidagi o'zgarishlar
Добавления в 2013 год; Добавления в 2013 год; Добавления в 2013 год;Добавления в 2013 год; Добавления в 2013 год; Добавления в 2013 год;Добавления в 2013 год; Добавления в 2013 год; Добавления в 2013 год; Добавления в 2013 год; Добавления в 2013 год; Доба